General Motors birinchi chorakda kutilganidan 43 foiz ko‘p foyda oldi

eʼlon qilindi
Amerika avtogigantining operatsion foydasi 4,3 milliard dollarni tashkil qildi
Foto: Habr

General Motors (GM) 2026-yilning birinchi choragida operatsion foydasi tahlilchilar prognozidan salkam 45 foizga ko‘proq bo‘ldi.

GM operatsion foydasi $4,3 mlrdni tashkil etdi, bu kutilgan $3 mlrdlik prognozdan 43 foizga yuqori. Ushbu natijada AQSh Oliy sudi tomonidan Donald Trampning import yig‘imlari bekor qilingach, qaytarilgan $500 mlnlik bojlar hisobga olingan. Biroq sof foyda o‘tgan yilga nisbatan 5,7 foizga pasayib, $2,6 mlrdga tushdi.

Sotuvlar hajmi birinchi chorakda 626,4 mingta avtomobilgacha (9,7 foizga) kamaydi. Sotuvlar pasayishini tahlilchilar ikki sabab bilan izohlamoqda. Bular 2025-yil mart oyidagi xaridlarning ortishi hamda joriy yil boshidagi qattiq sovuq. 2026-yil uchun GM operatsion foyda prognozini $500 mlnga oshirib, $13,5 — $15,5 mlrd oralig‘ida belgilagan, biroq sof foyda prognozi 9,9$ — $11,4 mlrdgacha biroz qisqartirildi.

Foto: news.gm.com

GM moliya direktori Pol Jeykobson ishlab chiqarish xarajatlari har yili $1,5–$2 mlrdga oshayotganini va bu jarayonda xotira chiplari narxi keskin qimmatlaganini alohida ta’kidladi. Yaqin Sharqdagi vaziyat va AQSh-Eron o‘rtasidagi mojaro sabab neft narxining oshishi avtomobil ishlab chiqaruvchining xarajatlariga ta’sir qilmoqda.

Shuningdek, logistika ta’minotining buzilishi va yonilg‘i narxi oshishi sababli tejamkor avtomobillarga talab ortishi xavfi mavjudligi aytilmoqda.

Kompaniya elektromobillarni rivojlantirishga ko‘p mablag‘ sarflamoqda. Birinchi chorakda ushbu yo‘nalish bo‘yicha qo‘shimcha $1,1 mlrd sarflangan, 2025-yildagi jami zarar esa $7 mlrddan oshgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM 271 mingdan ortiq Chevrolet Malibu modelini chaqirib olayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek