
SAIC Motor tarkibidagi MG Motor yangi MG 07 modelini ilg‘or avtopilot tizimi bilan jihozlaydi. Bu haqda Pekin avtosalonida ma’lum qilindi.
Model Momenta ishlab chiqqan R7 tizimini oladi. Ushbu tizim maxsus X7 chipi bilan qo‘llab-quvvatlanadi. Kompaniyalar bu texnologiyani Tesla ning FSD V14 tizimi bilan bir darajada deb baholamoqda. Shu orqali MG global avtopilot bozorida jiddiy raqobatchiga aylanishni maqsad qilgan.

R7 tizimi ilg‘or modellarda qo‘llaniladigan texnologiyani nisbatan arzon segmentga olib kiradi. MG vakillariga ko‘ra, bu foydalanuvchilarga yuqori darajadagi funksiyalarni arzonroq narxda taqdim etadi. Momenta ma’lumotiga ko‘ra, tizim 100 mln kilometrdan ortiq haydash ma’lumotlari asosida o‘qitilgan. Kompaniya 2026-yil oxirigacha ushbu texnologiya o‘rnatilgan avtomobillar sonini 200 mingtagacha yetkazishni rejalashtirmoqda.

R7 tizimi tez yangilanadi. Dasturiy yangilanishlar haftasiga bir necha marta chiqarilishi mumkin. Bu esa tizimni doimiy ravishda takomillashtirish imkonini beradi. MG 07 dizayni ham zamonaviy. U past kuzovli fastbek shaklga ega, ramkasiz eshiklar va tom qismida lidar sensor bilan jihozlangan.
Model SAIC Motor ning yangi avlod elektromobil va gibrid strategiyasining muhim qismi hisoblanadi. Yakuniy texnik xususiyatlar hali to‘liq e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan yangi MG4 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.