
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026-yilda AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati ishtirokchilari uchun mukofot pullarini oshirdi. Turnirga yo‘llanma olgan har bir terma jamoa o‘z ishtiroki uchun eng kamida $12,5 mln kafolatlangan pulga ega bo‘ladi.
Tayyorgarlik va ishtirok xarajatlarini qoplash maqsadida jamoalar uchun ajratiladigan subsidiyalar miqdori qayta ko‘rib chiqildi. Xususan, tayyorgarlik uchun beriladigan mablag‘ $1,5 mlndan $2,5 mlngacha, yo‘llanma uchun to‘lov esa $9 mlndan $10 mlngacha ko‘tarildi.

Qatnashuvchi delegatsiyalarning yashash hamda logistika xarajatlari uchun alohida mablag‘lar, shuningdek, ishtirokchilarga jami $16 mln qiymatidagi chipta kvotalari taqdim etilishi belgilangan. 48 ta jamoa ishtirok etadigan musobaqada davlatlar guruhdagi natijasidan qat’i nazar ushbu kafolatlangan summaga ega chiqadi.
| Egallangan o’rin | Mukofot puli miqdori |
|---|---|
| Chempion | $50 mln |
| Finalchi (2-o’rin) | $33 mln |
| 3-o’rin | $29 mln |
| 4-o’rin | $27 mln |
| 5–8-o’rinlar (Chorak finalchilar) | $19 mln |
| 9–16-o’rinlar (Nimchorak finalchilar) | $15 mln |
| 17–32-o’rinlar | $11 mln |
| 33–48-o’rinlar | $10 mln |
Turnir chempioni $50 mln, finalchi $33 mln hamda uchinchi o‘rin sohibi $29 mln mukofot puli oladi. Agar terma jamoalar pley-off bosqichlariga yo‘l olsa, ularning daromadi mos ravishda oshib boradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA prezidenti O‘zbekiston va Ozarbayjonni U-20 JCh mezbonligi bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.