Sirdaryoda soliq xodimi pora bilan qo‘lga tushdi

Sirdaryo viloyatida soliq organi mansabdor xodimi pora olish jarayonida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, tezkor tadbir DXX viloyat boshqarmasi tomonidan prokuratura, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda soliq organlarining komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘limi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan.
Tergov materiallariga ko‘ra, viloyat Soliq boshqarmasining sho‘ba boshlig‘i xizmat vakolatlaridan foydalangan. U zargarlik buyumlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJni go‘yoki 1 mlrd so‘mdan ortiq savdo aylanmasini yashirganlikda ayblab, sun’iy ravishda 145 mln so‘mlik jarima qo‘llash bilan tahdid qilgan.
Shuningdek, u mazkur jarimani qo‘llamaslik va keyingi faoliyatda «yordam» berish evaziga korxona rahbaridan qiymati 10 mln so‘m bo‘lgan tilla taqinchoqni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri haydovchilik guvohnomasini olish bilan bog‘liq firibgarlik fosh etilgani haqida yozgan edi.