YHM bo‘yicha O‘zbekistonda qaysi hudud yetakchi

eʼlon qilindi
Joriy yilning birinchi choragida poytaxtning hududiy iqtisodiyotidagi ko‘rsatkichi 94,5 trillion so‘mga yetdi
Foto: Pexels.com

2026-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekistonda hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot (YHM) hajmi bo‘yicha Toshkent shahri eng yuqori natijani qayd etib, mutlaq yetakchiga aylandi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Respublika bo‘yicha umumiy yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 447,9 trln so‘mni, mamlakat iqtisodiyotining real o‘sish sur’ati esa 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 8,7 foizni tashkil etgan.

Hududlar orasida birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahrining ko‘rsatkichi 94,5 trln so‘mga, yillik o‘sish esa 13 foizga teng bo‘ldi. Yetakchilar uchligini mos ravishda Navoiy (52,6 trln so‘m) va Toshkent (43,2 trln so‘m) viloyatlari to‘ldirgan.

Yalpi hududiy mahsulot ko’rsatkichlari

Hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot hajmi

Hudud nomi Hajmi (trln so’m) O’sish sur’ati (%)
Toshkent shahri 94,5 +13,0%
Navoiy viloyati 52,6 +6,1%
Toshkent viloyati 43,2 +7,6%
Samarqand viloyati 27,6 +9,6%
Farg’ona viloyati 24,4 +10,4%
Andijon viloyati 22,7 +8,6%
Qashqadaryo viloyati 19,5 +7,7%
Buxoro viloyati 18,2 +9,6%
Namangan viloyati 17,4 +8,8%
Xorazm viloyati 14,3 +10,6%
Surxondaryo viloyati 13,4 +9,1%
Qoraqalpog’iston Respublikasi 12,5 +12,9%
Jizzax viloyati 11,1 +7,7%
Sirdaryo viloyati 7,8 +8,8%

Ro‘yxatning o‘rta qismidan Samarqand (27,6 trln so‘m), Farg‘ona (24,4 trln so‘m) hamda Andijon (22,7 trln so‘m) viloyatlari o‘rin olgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Sirdaryo (7,8 trln so‘m) hamda Jizzax (11,1 trln so‘m) viloyatlarida qayd etildi.

Umumiy hajmiga ko‘ra quyi pog‘onalarda joylashgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+12,9 foiz) o‘sish sur’ati bo‘yicha poytaxtdan keyingi eng yuqori dinamikani ko‘rsatgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan so‘nggi besh yilda aholi jon boshiga YIM 80,5 foizga o‘sgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek