
2026-yilning yanvar – mart oylarida O‘zbekistonda hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot (YHM) hajmi bo‘yicha Toshkent shahri eng yuqori natijani qayd etib, mutlaq yetakchiga aylandi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Respublika bo‘yicha umumiy yalpi ichki mahsulot hajmi joriy narxlarda 447,9 trln so‘mni, mamlakat iqtisodiyotining real o‘sish sur’ati esa 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 8,7 foizni tashkil etgan.
Hududlar orasida birinchi o‘rinni egallagan Toshkent shahrining ko‘rsatkichi 94,5 trln so‘mga, yillik o‘sish esa 13 foizga teng bo‘ldi. Yetakchilar uchligini mos ravishda Navoiy (52,6 trln so‘m) va Toshkent (43,2 trln so‘m) viloyatlari to‘ldirgan.
Hududlar kesimida yalpi hududiy mahsulot hajmi
| Hudud nomi | Hajmi (trln so’m) | O’sish sur’ati (%) |
|---|---|---|
| Toshkent shahri | 94,5 | +13,0% |
| Navoiy viloyati | 52,6 | +6,1% |
| Toshkent viloyati | 43,2 | +7,6% |
| Samarqand viloyati | 27,6 | +9,6% |
| Farg’ona viloyati | 24,4 | +10,4% |
| Andijon viloyati | 22,7 | +8,6% |
| Qashqadaryo viloyati | 19,5 | +7,7% |
| Buxoro viloyati | 18,2 | +9,6% |
| Namangan viloyati | 17,4 | +8,8% |
| Xorazm viloyati | 14,3 | +10,6% |
| Surxondaryo viloyati | 13,4 | +9,1% |
| Qoraqalpog’iston Respublikasi | 12,5 | +12,9% |
| Jizzax viloyati | 11,1 | +7,7% |
| Sirdaryo viloyati | 7,8 | +8,8% |
Ro‘yxatning o‘rta qismidan Samarqand (27,6 trln so‘m), Farg‘ona (24,4 trln so‘m) hamda Andijon (22,7 trln so‘m) viloyatlari o‘rin olgan. Eng past ko‘rsatkichlar esa Sirdaryo (7,8 trln so‘m) hamda Jizzax (11,1 trln so‘m) viloyatlarida qayd etildi.
Umumiy hajmiga ko‘ra quyi pog‘onalarda joylashgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (+12,9 foiz) o‘sish sur’ati bo‘yicha poytaxtdan keyingi eng yuqori dinamikani ko‘rsatgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan so‘nggi besh yilda aholi jon boshiga YIM 80,5 foizga o‘sgani haqida xabar bergan edi.