Chirchiqda profilaktika inspektori pora ustida qo‘lga tushdi

Toshkent viloyatida ichki ishlar tizimi xodimining korrupsion harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahar Ichki ishlar boshqarmasi profilaktika inspektori joriy yil fevral oyida 1990-yilda tug‘ilgan shaxs yetakchiligidagi jinoiy guruh tomonidan 1994-yilda tug‘ilgan fuqaroga yetkazilgan tan jarohati holatini «bosdi-bosdi» qilib berish evaziga $2,7 ming olgan. Ushbu mablag‘dan avval $1 ming jabrlanuvchiga berilgani qayd etilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida profilaktika inspektori jabrlanuvchiga $300 berayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, ushbu noqonuniy harakatlarga aloqador bo‘lgan boshqa hamkasblarni ham ishga jalb qilish choralari ko‘rilayotgani ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatida soliq organi mansabdor xodimi pora ustida qo‘lga tushgan edi.