Ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik qayta ko‘rib chiqiladi

Shavkat Mirziyoyev ekologik islohotlar, chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirishga doir takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarliklar qayta ko‘rib chiqilishi ma’lum qilindi
Taqdimotda so‘nggi yillarda ekologik huquqbuzarliklar soni ortib borayotgani qayd etildi: 2024-yilda 47 mingdan ortiq, 2025-yilda esa 59 mingdan ziyod ma’muriy holat aniqlangan.
Taqdimotda amaldagi jarimalar yetkazilgan zarar miqdoriga mutanosib emasligi sababli ayrim korxonalar uchun huquqbuzarlikni davom ettirish iqtisodiy jihatdan qulay bo‘lib qolayotgani ta’kidlandi. Shu bois yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish, ularni tabiatga yetkazilgan zarar miqdoriga bog‘lash va xalqaro amaliyotga yaqinlashtirish taklif etildi.
Shuningdek, daryo o‘zanlaridan noqonuniy qazib olish, suv va havo ifloslanishi, chiqindilarni belgilangan joydan tashqarida yoqish kabi holatlar uchun ta’sirchan choralar joriy etish, ma’muriy jarima va kompensatsiya to‘lovlarini yagona tizimga birlashtirish masalasi ko‘tarildi.
Bundan tashqari, Ugom daryosining ekologik holatini yaxshilash, uni davlat gidrologik tabiat yodgorligi sifatida muhofaza qilish va «Ugom daryosi ekotizimini yaxshilash» master rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Prezident tomonidan taqdim etilgan barcha takliflar ma’qullandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘p qavatli uylar kirish yo‘laklari haftasiga bir marta tozalanishi haqida xabar qilgan edik.