
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Vankuverdagi yig‘ilishida afg‘onistonlik ayol futbolchilarga rasmiy musobaqalarda milliy terma jamoa sifatida ishtirok etishga ruxsat beruvchi qoidaga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Tolibon 2021-yilda hokimiyatga kelganidan so‘ng, mahalliy federatsiya o‘z sportchilarini tan olishdan bosh tortgan va o‘nlab futbolchilar mamlakatni tark etishga majbur bo‘lgan edi. Yangi qoida FIFA kengashiga istisno tariqasida o‘yinchilarni kamsitishlardan himoya qilish va terma jamoani mustaqil tasdiqlash vakolatini beradi.
«Afg‘onistonlik ayollarga rasmiy o‘yinlarda o‘z mamlakati nomidan ishtirok etishiga imkon berish orqali biz tamoyillarni harakatga aylantiryapmiz», — dedi FIFA prezidenti Janni Infantino.
Shuningdek, jamoaning sobiq sardori Xalida Popal ushbu qaror futbolchilarga o‘zlik, qadr-qimmat va umid berishini ta’kidladi. Sportchilar bungacha qochqinlar jamoasi sifatida o‘ynashdan charchaganliklarini bildirishgan edi.
Jamoa 2028-yilgi Olimpiada yo‘llanmasi uchun kurashish imkoniyatiga ega va dastlabki rasmiy o‘yinini iyun oyida Yangi Zelandiyada Kuk orollariga qarshi o‘tkazadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan madhiyani kuylashdan bosh tortgan eronlik ayol futbolchilarga Avstraliya vizasi berilgani haqida xabar bergan edi.