Max messenjeri Cloudflare tomonidan josuslik dasturi deb topildi

Cloudflare Max messenjeri domeniga «spyware» — ya’ni josuslik dasturi yorlig‘ini berdi. Messenjer ishlab chiqaruvchilari esa buni xatolik deb atadi.
Shu bilan birga, ayrim tizimlar ushbu resursni potensial xavfli deb hisoblab, unga kirishni cheklashi mumkin. Cloudflare domenni aynan tasniflash doirasida shunday belgilagan bo‘lib, bu real kuzatuv yoki zararli faoliyat isbotlangani degani emas.
Biroq Cloudflare orqali ishlaydigan brauzerlar va korporativ xavfsizlik devorlari Max’ni xavfsiz emas deb baholashi va unga kirishni bloklashi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, «security violations» bo‘limida «none found» («qoidabuzarliklar aniqlanmadi») degan belgi turibdi. Bu esa tizim tomonidan aniq zararli kod yoki hujumlar aniqlanmaganini bildiradi.
Keyinchalik Max kompaniyasi barcha foydalanuvchilar ma’lumotlari ishonchli himoyalanganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Cloudflare tasnifi saytning oddiy veb-analitika xizmatlariga yuborilgan so‘rov sarlavhalarini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatida yuzaga kelgan, ya’ni bu kod tahliliga asoslanmagan. Shuningdek, messenjer muntazam ravishda xavfsizlik auditlaridan o‘tib borishi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, Cloudflare veb-saytlar va ilovalar faoliyatini tezlashtirish hamda ularni kiberhujumlardan himoya qilish xizmatlarini taqdim etuvchi texnologik kompaniya hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qanday qilib Max ilovasi O‘zbekistonda yetakchiga aylangani haqida yozgan edik.