Oylik maosh 2500 yevrogacha: Germaniya qurilish va sanoat sohasida ish o‘rinlari taklif etmoqda

Germaniyada qurilish va sanoat yo‘nalishlarida ishlash istagidagi mutaxassislar uchun yangi ish imkoniyatlari e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Qurilish
«RRG AG» tashkiloti va Migratsiya agentligi hamkorligida qurilish sohasi mutaxassislarini Germaniyada ishga joylashtirish bo‘yicha vakansiyalar e’lon qilindi. Ushbu dastur doirasida 280 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, ish haftada 5 kun, 40 soatlik jadval asosida tashkil etiladi. Sinov muddati 3 oy etib belgilangan, oylik maosh esa 2,1 ming yevroni tashkil etadi. Turar joy uchun o‘rtacha 300 yevro xarajat ko‘zda tutilgan, oziq-ovqat xarajatlari esa ishchi hisobidan qoplanadi.
Dasturda 18–39 yoshdagi, oliy yoki kasb-hunar ta’limi diplomiga ega nomzodlar ishtirok etishi mumkin. Shuningdek, soha bo‘yicha 2 yillik texnikum diplomi yoki so‘nggi 5 yil ichida kamida 2 yillik ish tajribasi (my.gov orqali tasdiqlangan) talab etiladi.
Ishtirokchilar uchun Toshkent shahrida 6–8 oy davomida A1 dan B1 darajagacha nemis tili kurslari bepul o‘qitiladi. Migratsiya agentligi tomonidan yotoqxona ham bepul taqdim etiladi, til sertifikati imtihon xarajatlari qoplanadi. Aviachipta esa ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi.
Sanoat
Shuningdek, «Talantum Group xususiy bandlik agentligi» tomonidan Germaniyada sanoat va mexanik mutaxassislar uchun yana bir ish taklifi e’lon qilingan. Ushbu yo‘nalishda 20 ta ish o‘rni mavjud bo‘lib, maosh 2 ming–2,5 ming yevro (qo‘lga tegishi)ni tashkil etadi. Ish joyi Germaniyaning Myunxen shahrida bo‘lib, mehnat shartnomasi uzoq muddatli hisoblanadi.
Mazkur taklif bo‘yicha sanoat elektr ustasi, sanoat mexanigi va chilangar yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar talab etiladi. Nomzodlardan soha bo‘yicha o‘rta maxsus yoki oliy ma’lumot hamda ish tajribasi, 20–45 yosh oralig‘i va pozitsiyaga qarab A2 dan B2 gacha nemis tili bilish darajasi talab etiladi.
Turar joy ish beruvchi tomonidan ta’minlanadi, oziq-ovqat esa ishchi hisobidan qoplanadi. Viza, aviachipta va diplomni tan oldirish xarajatlari nomzod hisobidan bo‘lib, ish boshlangandan so‘ng ularning bir qismi Migratsiya agentligi tomonidan qoplab berilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bolgariya $2,5 minggacha oylik bilan qurilish sohasida ish o‘rinlari taklif etgan edi.