Ziroat Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalarini ochdi

O‘zbekistonning birinchi xonimi va Zamin vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari hamda Telegram kanalini ochdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Rasmiy sahifalar quyidagi platformalarda ishga tushirildi: Telegram, Instagram va Facebook.
Mazkur sahifalarda Mirziyoyevaning faoliyatiga oid yangiliklar — ishchi tashriflar, uchrashuvlar hamda asosiy loyihalar va tashabbuslar haqida ma’lumotlar e’lon qilib boriladi.
Ziroat Mirziyoyeva 2020-yildan buyon «Zamin» fondiga rahbarlik qilib keladi. Fond faoliyati sog‘liqni saqlashni qo‘llab-quvvatlash, ta’limni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va bolalarga yordam ko‘rsatishga qaratilgan.
Tashkilot tashabbuslari orasida ko‘kalamzorlashtirish dasturlari, havo sifatini yaxshilash loyihalari hamda tibbiy infratuzilmani rivojlantirishga doir loyihalar ham mavjud.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Ziroat Mirziyoyeva onkologiya sohasidagi eng nufuzli 100 ayol ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ziroat Mirziyoyeva BMT forumida so‘zga chiqib, bolalar saratoni muammosini ko‘targan edi.