50 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari auksion orqali ijaraga beriladi

1-maydan boshlab 50 gektardan 500 gektargacha bo‘lgan yer uchastkalari auksion orqali ijaraga beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, barcha hududlarda yerlar yagona mexanizm asosida realizatsiya qilinadi. Bu tizim yer egalari va fermerlarning mustaqilligini oshirishga qaratilgan. Farmonga muvofiq, bunday yerlar asosan sanoat usulidagi plantatsiyalar tashkil etish va chorvachilik faoliyati uchun ajratiladi.
Auksionga chiqariladigan yerlarning boshlang‘ich narxi ularning normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Agar lot sotilmasa, keyingi savdolarda narx bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Birinchi auksion e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun ichida o‘tkaziladi. Takroriy savdolar esa qisqa muddatda, ya’ni 1 kun ichida tashkil etiladi.
Shuningdek, yaylovlar, pichanzorlar va lalmi yerlar uchun alohida tartib joriy qilinadi. Ular uchun boshlang‘ich narx yer qiymatining 1 foizi darajasida belgilanadi. Bu bilan birga yer tuzish loyihasi va ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari ham hisobga olinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Andijonda 30 sotix yer savdosi ortidan ikki mansabdor ushlangani haqida yozgan edi.