«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi, «Real Sanjik»ka prokuror 5 yil qamoq so‘radi — 1-may kuni e’lon qilingan yangiliklar

«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi, «Real Sanjik»ka prokuror 5 yil qamoq so‘radi — 1-may kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Mahalliy kompaniyalarga chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi

O‘zbekistonda mahalliy kompaniyalarga chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi. Bu haqda «Toshkent» Respublika fond birjasi ma’lum qildi.
Yangi nizomga muvofiq, valyuta obligatsiyalari xorijiy valyutada ifodalanadi. Investorlar ushbu qimmatli qog‘ozlar orqali belgilangan daromad va nominal qiymatni olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, emitentlarga obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur miqdorda chet el valyutasini erkin sotib olish imkoniyati berildi.
«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi — SSV

O‘zbekistonda «Elektron retsept» tizimi bekor qilinishi haqidagi xabarlar rad etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qildi.
Vazirlik izohiga ko‘ra, muhokamaga qo‘yilgan hujjat tizimni bekor qilishni emas, balki uni joriy etish tartibini yangilashni nazarda tutadi. Avvalgi tartibda elektron retsept orqali beriladigan dori vositalari bosqichma-bosqich kengaytirilishi belgilangan edi.
Dollar oshdi: 4-may uchun valyutalar kursi e’lon qilindi

4-may uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi 15,13 so‘mga oshib, 11 952,73 so‘mni tashkil qildi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 47,09 so‘mga tushib, 13 961,02 so‘mni, rubl esa 0,17 so‘mga tushib, 159,47 so‘mni tashkil etdi.
Husanov da’vogarlik qilgan sovrinni Niko Orayli qo‘lga kiritdi

Angliyaning «Manchester Siti» klubida aprel oyining eng yaxshi futbolchisi deb akademiya tarbiyalanuvchisi Niko Orayli topildi. O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ham mazkur e’tirof uchun asosiy da’vogarlar qatorida edi. Bu haqda jamoa rasmiy sayti xabar bermoqda.
Aprel oyi yakunlariga ko‘ra o‘tkazilgan so‘rovnomada Orayli jamoadoshlari Abduqodir Husanov va Bernardu Silvadan ko‘proq ovoz to‘plashga erishdi. Klub matbuot xizmatining qayd etishicha, yosh futbolchining texnik imkoniyatlari va taktik moslashuvchanligi yuqori baholangan.
FIDE reytingida ikki nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi kuchli beshlikka kirdi

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026-yil may oyi uchun shaxmatchilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Natijalarga ko‘ra, 22 yoshli Nodirbek Abdusattorov 4-o‘ringa, Javohir Sindarov esa 5-o‘ringa ko‘tarildi.
Reyting peshqadamligini norvegiyalik Magnus Karlsen 2840 ochko bilan saqlab qolmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni amerikalik Hikaru Nakamura (2792 ochko) hamda Fabiano Karuana (2788 ochko) band etgan. O‘zbekiston vakillari Abdusattorov va Sindarov hisobida mos ravishda 2780 hamda 2776 reyting ochkosi mavjud.
May oyining boshida qanday ob-havo kuzatiladi

O‘zbekistonda may oyining ilk kunlarida bahoriy ob-havo kuzatiladi. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi hududlarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiy viloyatining shimolida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Buxoro va Navoiy viloyatining janubida asosiy yomg‘irlar 1-may kuni yog‘adi, keyingi kunlarda esa ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir bo‘ladi.
«Real Sanjik» ishi: prokuror 5 yil qamoq so‘radi

1-may kuni bo‘lib o‘tgan Sanjar Karimov («Real Sanjik»)ga oid sud majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchiga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 500 BHM miqdorida (206 mln so‘m) jarima tayinlashni so‘radi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.
Unga ko‘ra, prokuror hukm chiqarishda jabrlanuvchiga tegishli uy qaytarilganini ham inobatga olish kerakligini ta’kidladi. Karimov advokatlari esa unga nisbatan ayblovlar asossiz ekanini bildirib, oqlov hukmini so‘radi. Ularning aytishicha, ayrim harakatlar noqonuniy bo‘lgan va bu holatlar jabrlanuvchi tomonidan ham tasdiqlangan.
Eron 2026-yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi — Infantino

FIFA prezidenti Janni Infantino Vankuverdagi kongressda Eron terma jamoasining 2026-yilgi jahon chempionatidagi ishtirokini rasman tasdiqladi. Eron terma jamoasi AQSh hududida rejalashtirilgan barcha uchrashuvlarini o‘tkazadi.
«Eron 2026-yilgi jahon chempionatida qatnashadi va albatta, AQShda o‘ynaydi. Biz odamlarni birlashtirishimiz kerak. Dunyoda bo‘linishga urinayotganlar talaygina, biz esa bu imkoniyatdan foydalanib, birlikni ta’minlashimiz lozim», – dedi FIFA rahbari.
BMTTD va Yaponiya O‘zbekistonda energiya tejovchi obyektlarni ishga tushirdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Yaponiya hukumati ko‘magida Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida beshta energiya samarador pilot obyektni rasman foydalanishga topshirdi.
Loyiha doirasida ijtimoiy muassasalarda propan asosidagi issiqlik nasoslari va zamonaviy konditsioner tizimlari o‘rnatilib, eskirgan uskunalar yangilandi. Bu yangilanishlar natijasida yiliga 482 tonna issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkoniyati yaratildi hamda past uglerodli yechimlar amaliyotda sinovdan o‘tkazildi.
2026-yil 1-choragida naqd pul muomalasi kamayib, bank kartalari aylanmasi oshdi

2026-yil yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda pul muomalasi va to‘lov tizimlarida naqd pulsiz hisob-kitoblar ulushining oshishi kuzatildi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2024–2026-yillar 1-choraklari davomida iqtisodiyotda pul aylanishi barqaror o‘sish tendensiyasini ko‘rsatgan. Umumiy pul tushumlari 184 trln so‘mdan 316 trln so‘mga yetib, iqtisodiy faollik sezilarli darajada oshganini qayd etadi.