Sport

FIDE reytingida ikki nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi kuchli beshlikka kirdi

Nodirbek Abdusattorov va Javohir Sindarov yangilangan jahon reytingida 4 va 5-o‘rinlarni egalladi
Foto: Stev Bonhage / Freestyle Chess

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) 2026-yil may oyi uchun shaxmatchilarning yangilangan reytingini e’lon qildi. Natijalarga ko‘ra, 22 yoshli Nodirbek Abdusattorov 4-o‘ringa, Javohir Sindarov esa 5-o‘ringa ko‘tarildi.

Ekran tasviri

Reyting peshqadamligini norvegiyalik Magnus Karlsen 2840 ochko bilan saqlab qolmoqda. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni amerikalik Hikaru Nakamura (2792 ochko) hamda Fabiano Karuana (2788 ochko) band etgan. O‘zbekiston vakillari Abdusattorov va Sindarov hisobida mos ravishda 2780 hamda 2776 reyting ochkosi mavjud.

Foto: Vikipedia

Reytingning Top – 100 taligiga 5 nafar o‘zbekistonlik o‘rin olgan. Nodirbek Yoqubboyev 2689 ochko bilan 40-o‘rindan joy olgan bo‘lsa, 50-pog‘onadagi Rustam Qosimjonovda 2665 ochko mavjud. Shamsiddin Vohidov esa 2637 ochko bilan 87-o‘rinda bormoqda.

Joriy yilning 23-noyabridan 17-dekabrigacha Javohir Sindarov amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Gukeshga qarshi Jahon toji uchun ishtirok etadi. FIDE ushbu bahsni o‘tkazish bo‘yicha mezbonlik arizalarini 2026-yil 31-maygacha qabul qiladi. Tadbirning umumiy budjeti $8,5 mlnni tashkil etib, shundan $2,5 mlni bevosita sovrin jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIDE Circuit reytingida Nodirbek Abdusattorov yetakchilikni saqlab qolgani haqida xabar bergan edi.