Fond bozori axborot-resurs markazining 100 foiz ulushi «Toshkent» RFBga o‘tkaziladi

«Fond bozorining axborot-resurs markazi» MChJning 100 foiz ulushini «Toshkent» respublika fond birjasiga o‘tkazish hisobiga jamiyatda davlat ulushi oshiriladi. Bu haqda 30-aprel kuni birja aksiyadorlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, birja ustav fondi qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali 27,7 mlrd so‘mga oshiriladi. Shu maqsadda har birining nominal qiymati 2560 so‘m bo‘lgan 10,8 mln dona oddiy hujjatsiz aksiyalar chiqariladi.
Mazkur aksiyalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga joylashtiriladi. Aksiyalar uchun to‘lov pul shaklida emas, balki Fond bozorining axborot-resurs markazi ustav kapitalidagi 100% ulushni kiritish orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq investorlar qaysi aksiyalardan zarar ko‘rgani haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, «Toshkent» RFBdan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 17-apreldan 24-aprelgacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,04 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘ztransgaz» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 16,75 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «SQB»ning imtiyozli aksiyalari (+11,61%) va «Trastbank» (4,79) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.