Sport

Husanov da’vogarlik qilgan sovrinni Niko Orayli qo‘lga kiritdi

21 yoshli Orayli aprel oyi eng yaxshisi so‘rovnomasida Husanov va Silvani ortda qoldirdi
Abduqodir Husanov va Niko Orayli / Foto: Instagram / Abduqodir Husanov

Angliyaning «Manchester Siti» klubida aprel oyining eng yaxshi futbolchisi deb akademiya tarbiyalanuvchisi Niko Orayli topildi. O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov ham mazkur e’tirof uchun asosiy da’vogarlar qatorida edi. Bu haqda jamoa rasmiy sayti xabar bermoqda.

Foto: Mancity.com

21 yoshli Angliya terma jamoasi a’zosi aprel oyida Premyer-liga hamda Angliya kubogi doirasidagi barcha 5 ta o‘yinda Pep Gvardiola jamoasining g‘alaba qozonishiga sezilarli hissa qo‘shgan. Xususan, «Chelsi»ga qarshi safardagi uchrashuvda (3:0) hisobni ochuvchi muhim golga mualliflik qilgan.

Aprel oyi yakunlariga ko‘ra o‘tkazilgan so‘rovnomada Orayli jamoadoshlari Abduqodir Husanov va Bernardu Silvadan ko‘proq ovoz to‘plashga erishdi. Klub matbuot xizmatining qayd etishicha, yosh futbolchining texnik imkoniyatlari va taktik moslashuvchanligi yuqori baholangan.

Foto: Instagram / Abduqodir Husanov

Ta’kidlash joizki, ushbu mukofot Orayli uchun so‘nggi uch oy ichidagi ikkinchi shunday e’tirof hisoblanadi. Avvalroq u fevral oyida ham oyning eng yaxshi o‘yinchisi unvonini qo‘lga kiritgan edi. Husanov esa mart oyida «shaharliklar» tarkibida tengsiz deb topilgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov qatorasiga ikkinchi bor «Siti»da oyning eng yaxshi futbolchisiga nomzod bo‘lgani haqida xabar bergan edi.