
Apple 2026-moliyaviy yilining ikkinchi choragi yakunlarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kompaniya daromadi $111,2 mlrdni tashkil etdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 17% ko‘p.
Bir aksiya uchun foyda $2,01 bo‘ldi va 22 foizga oshdi. Kompaniya tarixidagi eng yaxshi mart choragi natijasi qayd etildi.
Apple rahbari Tim Kuk bu natijalarga iPhone 17 modellari uchun yuqori talab sabab bo‘lganini aytdi. iPhone savdosi yillik hisobda 21,7 foizga o‘sdi. Xizmatlar yo‘nalishi ham rekord natija ko‘rsatib, $30,9 mlrd daromad keltirdi.
Eng katta o‘sish Xitoy bozorida kuzatildi. Bu hududda savdo 28 foizga oshib, $20,5 mlrdga yetdi. Kompaniya kelasi chorakda daromadni yana 14 – 17 foizga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu bozor prognozlaridan yuqori.
Direktorlar kengashi aksiyalarni $100 mlrdgacha qayta sotib olish dasturini tasdiqladi. Shuningdek, dividend miqdori 4 foizga oshirilib, har bir aksiya uchun $0,27 qilib belgilandi.
Hisobot e’lon qilingach, Apple aksiyalari avval pasaydi, keyin esa 4 foizga ko‘tarildi.
Eslatib o‘tamiz, kompaniyada rahbariyat almashadi. Sentabrdan boshlab Tim Kuk o‘rnini Jon Ternus egallaydi. U kompaniya strategiyasini davom ettirishini va yangi mahsulotlar ustida ishlashni kuchaytirishini aytdi.
Ma’lumot uchun, Apple moliyaviy choraklari 4-4-5 haftalik taqvim tuzilmasi yordamida hisoblanadi. Kompaniyaning birinchi choragi o‘tgan yilning oktabridan dekabr oxirigacha hisoblangan. Ikkinchi chorak esa joriy yil yanvardan 1-aprelgacha davrni o‘z ichiga oldi.