Ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlarga zarar yetkazish taqiqlandi

Ko‘p qavatli uylar va ularga tutash hududlarda tartibni saqlash hamda yashil maydonlarni muhofaza qilish bo‘yicha qator cheklovlar joriy etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, ko‘p qavatli uylar atrofidagi yer uchastkalarida daraxt va butalarni tegishli ruxsatnomasiz ko‘chirib ekish yoki kesish qat’iyan taqiqlanadi. Bu talab yashil hududlarni asrash va ekologik muvozanatni ta’minlashga qaratilgan.
Shuningdek, uylar atrofidagi hududlarni metall parchalari, qurilish chiqindilari yoki maishiy chiqindilar bilan to‘ldirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Daraxtlarga arqon yoki sim bog‘lash, belanchaklar osish hamda reklama materiallarini yopishtirish ham man etildi.
Bundan tashqari, gulzorlar, maysazorlar va piyodalar yo‘laklarini ifloslantirish, shuningdek, ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar, bolalar va sport maydonchalari yoki dam olish joylaridan avtoturargoh sifatida foydalanish taqiqlanadi. Ayniqsa, yashil hududlarni o‘zboshimchalik bilan qisqartirish, ya’ni beton yoki boshqa materiallar bilan qoplash holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yashil o‘simliklar bilan band maydonlarga turli materiallarni to‘plash, shuningdek, o‘simliklarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalarni sepish yoki ular bilan sug‘orish ham taqiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘p qavatli uylarda uy hayvonlarini saqlash bo‘yicha taqiq belgilangan edi.