Leapmotor B05 elektromobili Ispaniyada ishlab chiqariladi

1-may 2026 11:01 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Leapmotor B05 elektromobili Ispaniyada ishlab chiqariladi
Kollaj: Kolesa.kz / Manba: Leapmotor

Xitoyning Leapmotor kompaniyasi Yevropa bozoriga kirishni kuchaytirmoqda. 2027-yildan boshlab Stellantis zavodida Leapmotor B05 modeli ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Mazkur hamkorlik Stellantis’ning Xitoy kompaniyasidagi ulushi bilan bog‘liq. Guruh Leapmotor aksiyalarining 20 foiziga ega, shuningdek, eksport uchun tashkil etilgan qo‘shma korxonada nazorat paketini ham qo‘lida ushlab turibdi.

Foto: Leapmotor

Yevropa uchun tanlangan model besh eshikli elektromobil – Leapmotor B05 bo‘ldi. Uzunligi 4,43 metr bo‘lgan bu xetchbek Yevropa dizayniga moslab ishlab chiqilgan. Model 2025-yilda taqdim etilgan bo‘lib, Xitoyda Lafa 5 nomi bilan ham tanilgan. Avtomobilning asosiy versiyasi orqa o‘qda joylashgan 215 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlanadi. Kuchliroq Ultra versiyada esa quvvat 241 ot kuchigacha yetadi. Unda sportga mos suspenziya, kuchli tormozlar va agressiv dizayn elementlari qo‘llanilgan.

Foto: Leapmotor

Batareya variantlari ham ikki xil bo‘ladi. 56,2 kVt/soat sig‘imli versiya 401 km yurish zaxirasini ta’minlaydi. Kattaroq 67,1 kVt/soat batareya esa 482 km masofani bosib o‘tishga imkon beradi. Tezkor zaryadlash tizimi 30 foizdan 80 foizgacha atigi 17 daqiqada quvvat olish imkonini beradi.

Model jihozlanish darajasi bilan ham ajralib turadi. Asosiy komplektatsiyada 8,8 dyuymli panel, 14,6 dyuymli multimedia ekrani, sun’iy intellekt asosidagi ovozli yordamchi, ikki zonali iqlim nazorati va haydovchiga yordam tizimlari mavjud.

Yevropada Leapmotor B05 narxi 26,9 ming yevrodan boshlanadi. Mahalliy ishlab chiqarish va davlat subsidiyalari hisobiga narxni taxminan 19,5 ming yevrogacha tushirish rejalashtirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Leapmotor B05 Ultra avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek