Mahalliy kompaniyalarga chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi

eʼlon qilindi
Bir emissiya hajmi hamda muomaladagi obligatsiyalar umumiy summasi $50 mln ekvivalentidan oshmasligi kerak
Mahalliy kompaniyalarga chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi
Foto: Unsplash / Austin Distel

O‘zbekistonda mahalliy kompaniyalarga chet el valyutasida obligatsiyalar chiqarish huquqi berildi. Bu haqda «Toshkent» Respublika fond birjasi ma’lum qildi.

Yangi nizomga muvofiq, valyuta obligatsiyalari xorijiy valyutada ifodalanadi. Investorlar ushbu qimmatli qog‘ozlar orqali belgilangan daromad va nominal qiymatni olish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, emitentlarga obligatsiyalar bo‘yicha majburiyatlarni bajarish uchun zarur miqdorda chet el valyutasini erkin sotib olish imkoniyati berildi.

Bir emissiya hajmi hamda muomaladagi obligatsiyalar umumiy summasi $50 mln ekvivalentidan oshmasligi kerak. Agar bu limitdan oshsa, qo‘shimcha ta’minot talab etiladi. Ta’minot sifatida ko‘chmas mulk, pul mablag‘lari, bank kafolati yoki sug‘urta polisi qo‘llanishi mumkin. Ko‘chmas mulk esa bozor qiymatining 75 foizigacha hisobga olinadi.

Obligatsiyalar fond birjalari orqali joylashtiriladi. Ochiq obunada kamida 50 foiz, yopiq obunada esa 100 foiz joylashtirilishi shart.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda xorijliklar uchun pul o‘tkazmalari soddalashtirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek