May oyining boshida qanday ob-havo kuzatiladi

O‘zbekistonda may oyining ilk kunlarida bahoriy ob-havo kuzatiladi. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, respublikaning katta qismida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi hududlarda momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiy viloyatining shimolida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Buxoro va Navoiy viloyatining janubida asosiy yomg‘irlar 1-may kuni yog‘adi, keyingi kunlarda esa ayrim joylarda qisqa muddatli yomg‘ir bo‘ladi.
1-may kuni ayrim hududlarda shamol tezligi 13–18 m/s gacha kuchayadi. Ba’zi joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.
Dam olish kunlari havo harorati biroz pasayib, 22–25 darajani tashkil etadi.
Tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Ba’zi joylarda sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin.
Poytaxtda ob-havo qanday bo‘ladi
Toshkentda bugun kechga yaqin yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 28–30 daraja bo‘ladi. Shanba va yakshanba kunlari harorat 22–24 darajagacha pasayadi, vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 4-maygacha kutilayotgan yomg‘irlar sabab ayrim hududlarda sel va suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, ayrim hududlarda yomg‘ir suvlari to‘planib, past joylarni suv bosishi ehtimoli bor.