Meta kompaniyasi 25 mlrd dollarlik obligatsiya chiqarmoqchi

Meta Platforms $20 mlrddan $25 mlrdgacha bo‘lgan qimmatli qog‘ozlarni bozorga chiqarishni rejalamoqda. Bu haqda Bloomberg ma’lum qildi.
Investorlar bu taklifga katta qiziqish bildirgan. Dastlabki buyurtmalar hajmi qariyb $96 mlrdga yetgani aytilmoqda. Bu esa talab taklifdan bir necha barobar yuqori ekanini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, kompaniya aksiyalari bosim ostida qolmoqda. Meta qimmatli qog‘ozlari 30-aprel kungi savdolarda 10 foizga tushib ketdi. Bunga sabab kompaniyaning xarajatlar prognozini oshirgani bo‘ldi.
Meta yil yakuniga qadar kapital xarajatlarini $125 mlrddan $145 mlrdgacha oshirishini ma’lum qildi. Bu avvalgi prognozdan qariyb 7 foizga yuqori. Mablag‘larning asosiy qismi sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Kompaniya rahbari Mark Sukerberg investorlar bilan suhbatda SI loyihalarining daromad keltirish mexanizmi hali aniq emasligini tan oldi. Bu esa bozor ishtirokchilarida qo‘shimcha xavotir uyg‘otdi.
Obligatsiyalar bir nechta transhda chiqarilishi mumkin. Eng uzoq muddatli qog‘ozlar 2066-yilda yopiladi. Ularning daromadliligi AQSh davlat obligatsiyalaridan taxminan 1,47 foizga yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Bitimni Citigroup va Morgan Stanley tashkil etmoqda. Meta’ning bu qadami texnologiya gigantlari orasidagi umumiy tendensiyaga mos keladi. Amazon, Alphabet va Oracle ham so‘nggi oylar ichida o‘nlab milliard dollarlik obligatsiyalar joylashtirdi.
Yil boshidan buyon Meta aksiyalari qariyb 8 foizga arzonlagan. Shu davrda S&P 500 indeksi esa 5 foizga o‘sgan. Shunga qaramay, ko‘pchilik analitiklar kompaniya aksiyalarini xarid qilishni tavsiya etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Meta xarajatlarni oshirishi ortidan aksiyalar 6 foizga pasaygani haqida yozgan edi.