O‘zbekistonga o‘qish uchun kelgan xorijliklar soni 2,3 baravar oshdi

2026-yil yanvar – mart oylarida 15,1 ming nafar chet el fuqarosi o‘qish maqsadida O‘zbekistonga kelgan. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,5 ming nafarga ko‘p. Umumiy o‘sish 2,3 baravarni tashkil etdi.
Tahlillarga ko‘ra, eng ko‘p talabalar Turkmanistondan kelgan. Ularning soni 7,2 ming nafarni tashkil qilgan. Hindistondan 2,8 ming nafar, Tojikistondan 1,2 ming nafar talaba kelgan.
Shuningdek, Xitoydan 641 nafar, Qirg‘izistondan 483 nafar va Pokistondan 438 nafar xorijlik talaba O‘zbekistonda tahsil olishni tanlagan.
Misr (353), Janubiy Koreya (342), Filippin (286) va AQShdan (191) ham talabalar oqimi kuzatilgan. Qolgan davlatlardan jami 1,2 ming nafar talaba kelgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident farmoni bilan 500 nafar xorijlik talaba uchun «Yangi O‘zbekiston stipendiyasi» dasturi ishga tushirilishi xabar qilingandi. Bu mablag‘lar oliy ta’lim muassasalarida to‘ldirilmagan grant o‘rinlari hisobidan shakllantiriladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalarni qabul qilish jarayoni ham yangilanadi. Endi ular Study in Uzbekistan platformasi orqali hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi.