
Renault kompaniyasi Renault Scenic modelini yangilashga tayyorlanmoqda. U sotuvlar pasaygani fonida modelni yanada raqobatbardosh qilishni maqsad qilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yangilangan Scenic’ning yurish zaxirasi 650 km gacha yetkazilishi mumkin. Bu hozirgi maksimal ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori bo‘ladi. Model tashqi ko‘rinish jihatidan ham o‘zgaradi. Dizayn yanada soddalashtirilgan va keng auditoriyaga moslashgan uslubda bo‘lishi kutilmoqda. Hozirgi keskin chiziqlar o‘rniga yumshoqroq dizayn elementlari qo‘llanadi.
Salon qismida ham yangilanishlar rejalashtirilgan. Ichki materiallar sifati yaxshilanadi, multimedia tizimi modernizatsiya qilinadi. Bu omillar yuqori narx segmentida raqobat uchun muhim hisoblanadi. Texnik jihatdan eng muhim yangiliklardan biri — LFP turidagi yangi batareya joriy etilishi. Bu modelni arzonlashtirish va xaridorlar doirasini kengaytirishga yordam beradi. Yangilangan versiyada bazaviy model 450 km gacha, yuqori versiya esa 650 km gacha yurishi mumkin.
Shuningdek, tezkor zaryadlash imkoniyati ham yaxshilanadi. Yangi batareya bilan 10 foizdan 80 foizgacha quvvat olish vaqti taxminan 20 daqiqani tashkil etadi. Hozirgi Scenic ikki xil variantda taklif qilinmoqda. Bazaviy versiya 170 ot kuchiga ega va 60 kVt/soat batareya bilan 430 km yuradi. Kuchliroq versiya esa 220 ot kuchi va 87 kVt/soat batareya bilan 625 km masofani bosib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Renault Duster modelining yangi uchinchi avlodi taqdim etilgani haqida yozgan edi.