Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi

eʼlon qilindi
Agentlik huzurida «Health Invest» kompaniyasi ochiladi
Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev sog‘liqni saqlash tizimini yanada rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Unda Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Xususiy tibbiyot sohasining rivojlanish dinamikasi

Taqdimotda xususiy tibbiyot sektori so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengaygani qayd etildi. 2016-yilda 3,2 mingta xususiy klinika faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ularning soni 8,7 mingtaga yetishi kutilmoqda. Shu davrda tibbiyot yo‘nalishlari 39 tadan 116 taga, xususiy sektordagi koyka o‘rinlari esa 16 mingdan 57 mingtagacha oshgan. Natijada xususiy sektorning umumiy tibbiy koyka fondidagi ulushi 12 foizdan 31 foizgacha yetishi prognoz qilinmoqda.

Tizimdagi mavjud muammolar

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash tizimida ayrim muammolar ham mavjudligi qayd etildi. Jumladan, tibbiy xizmatlar sifatini nazorat qilish mexanizmlari yetarli darajada samarali emasligi, litsenziyalash talablari zamon talablariga mos emasligi, yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllanmagani hamda investitsiya loyihalari bilan ishlash tizimi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani ta’kidlandi.

Litsenziyalash va nazorat tizimida yangi yondashuvlar

Taqdim etilgan takliflarga ko‘ra, tibbiy faoliyatni litsenziyalash vazifalari Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markaziga o‘tkaziladi. 2026-yil 1-iyuldan litsenziyalash tartiblari kuchaytirilib, 48 ta talabning 14 tasi qayta ko‘rib chiqiladi.

Shuningdek, ko‘p tarmoqli klinikalar faoliyatini to‘liq to‘xtatish amaliyotidan voz kechilib, faqat aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha cheklov qo‘llash tizimi joriy etiladi. Nazorat jarayonlari esa elektron tizim orqali masofadan baholash asosida amalga oshiriladi.

Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash

Eng muhim o‘zgarishlardan biri sifatida nodavlat tibbiyot tashkilotlariga budjet mablag‘lari hisobidan xizmat ko‘rsatish imkoniyati berilishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy klinikalarga transplantatsiya kabi yuqori texnologik tibbiy xizmatlarni amalga oshirish huquqi taqdim etiladi.

Xususiy tibbiyot sohasini qo‘llab-quvvatlash uchun olis hududlarda klinikalar ochishga $200 mln miqdorida imtiyozli kredit ajratish, har bir loyiha uchun 10 million AQSh dollarigacha 10 yil muddatli kredit berish hamda foiz stavkasining 50 foizini qoplash taklif etildi. Xorijiy mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilanadi, tibbiy uskuna va butlovchi qismlar importiga bojxona imtiyozlari joriy qilinadi.

Investitsiyalarni jalb qilish va yangi institutlar

Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligini tashkil etish hamda uning huzurida «Health Invest» kompaniyasini yaratish rejalashtirilmoqda. Ushbu tuzilmalar investitsiya loyihalarini shakllantirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish va investorlar bilan ishlashni muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, davlat tibbiyot muassasalarini korporativ boshqaruv tamoyillari asosida modernizatsiya qilish, loyihalashtirish va qurilish standartlarini xalqaro talablarga moslashtirish bo‘yicha ham takliflar ilgari surildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi «Elektron retsept» tizimi bekor qilinmasligi haqida bayonot bergan edi.

Shuningdek