Sport

Umarali Rahmonaliyev «Sabah» bilan Ozarbayjon chempioni bo‘ldi

Chempionat yakuniga 4 tur qolganda Bokuning «Sabah» klubi chempion bo‘ldi
Foto: Instagram / sabahfc

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev to‘p suradigan Bokuning «Sabah» klubi muddatdan oldin Ozarbayjon chempioniga aylandi. Bu haqda O‘FA xabar bermoqda.

Foto: Instagram / sabahfc

Ozarbayjon chempionatining qoldirilgan 21-turida «Neftchi» klubi jadvalda ikkinchi o‘rinda borayotgan «Qorabog‘»ni qabul qilib, 2:1 hisobida ustun keldi. Natijada 59 ochko bilan qolgan «Qorabog‘» turnir jadvalida 72 ochko bilan birinchi o‘rinda ketayotgan «Sabah»ga yetib olish imkoniyatini boy berdi. Bokuliklar chempionat tugashiga 4 tur qolganda g‘alabani tantana qildi.

Foto: Instagram / sabahfc

Umarali Rahmonaliyev «Sabah» tarkibida joriy mavsum barcha musobaqalarda 32 o‘yinda maydonga tushib, 5 gol va 2 golli uzatma amalga oshirgan. Futbolchi O‘zbekistonning turli yosh toifalari, jumladan, U-19, U-20, U-23 va Olimpiya terma jamoalarining sharafini himoya qilgan.

Foto: O‘FA

Mart oyida Toshkent mezbonlik qilgan FIFA Series turniri doirasida Rahmonaliyev asosiy terma jamoadagi debyut uchrashuvini o‘tkazdi. Fabio Kannavaro Gabonga qarshi kechgan dastlabki bahsda yarim himoyachini zaxiradan maydonga tushirdi. Hozirda Transfermarkt portali o‘zbekistonlik futbolchini 800 ming yevroga baholamoqda.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon chempionatida 12 ta jamoa ishtirok etadi. Musobaqa 3 davrali tizimda o‘tkazilib, jami 33 turdan iborat. «Sabah» 30-turda «Shamax» jamoasiga qarshi kuch sinashadi. O‘yin 3-may kuni Toshkent vaqti bilan 17:00 da start oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Umarali Rahmonaliyev «Sabah» futbolchisiga aylangani haqida xabar bergan edi.