Ikkinchi jahon urushida o‘zbek askarini qutqargan britaniyaliklar «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi

O‘zbekiston prezidentining 2026-yil 1-maydagi farmoni bilan Buyuk Britaniya fuqarolari — marhum Jon va Fillis Emili Le Bretonlar «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlandi. Ular Ikkinchi jahon urushi davrida Jersi orolidagi fashistlar konslageridan qochgan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovni o‘z uylarida yashirib, uning hayotini saqlab qolgan.
Farmonda ta’kidlanishicha, ushbu mukofot britaniyalik oilaning ulkan jasorati, insonparvarligi hamda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va birodarlik g‘oyalarini targ‘ib etishdagi alohida o‘rnagi uchun berildi. Boqijon Akramov g‘oyat tahlikali vaziyatda o‘z hayotini jiddiy xavf ostiga qo‘yib, tutqunlikdan qochishga muvaffaq bo‘lgan edi.

BBC axborot xizmatining 2022-yildagi xabariga ko‘ra, Le Bretonlar oilasi o‘zbek askariga boshpana berib, uni «Tom» deya atagan. Marhumlarning qizi Kyerolin Xornning ta’kidlashicha, oila a’zolari har lahzada fashistlar qo‘liga tushish xavfi ostida yashagan bo‘lsa-da, qochqinni o‘zlarining yaqinidek qabul qilgan.
«Biz bu insonga ishonardik, u aynan biz ishonishimiz mumkin bo‘lgan shaxs edi», — deya o‘z xotiralarida qoldirgan Jon va Fillis Le Breton.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbek askari uydagi maxfiy eshiklar orqali yashiringan, ingliz tilini ozgina o‘rgangach, bolalarga ertaklar o‘qib bergan. Urush yakunlangach, u Gernsi oroliga ko‘chib o‘tgan va shundan so‘ng oila bilan aloqa uzilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qozog‘iston prezidenti ham Farrux Zokirovni orden bilan taqdirlangani haqida xabar bergan edi.