
2-may kuni Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman 2026 turnirining ikkinchi turida amerikalik grossmeyster Endi Vudvardga qarshi oq donalarda bahs olib boradi. Bu haqda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi xabar bermoqda.
Abdusattorovning bugungi raqibi Endi Vudvard 2010-yilda tug‘ilgan bo‘lib, 2024-yilda atigi 13 yoshu 8 oyligida grossmeyster unvoniga erishgan. U tarixdagi eng yosh grossmeysterlardan biri hisoblanadi. 2025-yilda u AQSh yoshlar chempionatida g‘olib chiqqan.

Shuningdek, amerikalik shaxmatchi 2025-yilgi FIDE Grand Swiss turnirida Raunak Sadxvani, Daniil Yuffa, Levon Aronyan va Parham Magsudlu kabi tajribali raqiblarni yenggan. 2026-yilda esa u Tata Steel Challengers turnirida birinchi o‘rinni egallab, keyingi yilgi Masters guruhiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan.

Nodirbek Abdusattorov TePe Sigeman 2026 turnirini muvaffaqiyatli boshladi. U musobaqaning birinchi turida xitoylik Ju Jinerni mag‘lubiyatga uchratgan edi. Ma’lumot uchun, Abdusattorov va Vudvard bahsi Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da start oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIDE reytingida ikki nafar o‘zbekistonlik shaxmatchi kuchli beshlikka kirgani haqida xabar bergan edi.