Toshkentdagi qator ko‘chalarda 9 kunga transport harakati cheklanadi

Toshkent shahrida joriy yilning 7 – 9-may kunlari o‘tkaziladigan «Tashkent Flowers Fest – 2026» gullar bayrami sababli qator ko‘chalarda avtomobillar harakati cheklanadi. Cheklovlar 2-maydan boshlanib, 11-maygacha davom etishi rejalashtirilgan. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ma’lum qildi.
Transport harakati cheklanadigan hududlar qatoriga Zarafshon ko‘chasining Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasi qo‘riqlash punkti va Mustaqillik shohko‘chasi oralig‘idagi qismi kiradi. Shuningdek, Istiqlol ko‘chasining Amir Temur shoh va Buyuk Turon ko‘chalari oralig‘idagi qismi ham yopiladi.

Buyuk Turon ko‘chasining Istiqlol ko‘chasi kesishmasidan Yoshlar ijod saroyigacha bo‘lgan qismida ham transport harakati vaqtincha to‘xtatiladi. Barcha cheklovlar Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi oldidagi maydonga tutash ko‘chalarni qamrab oladi.
Mas’ullar yuzaga keladigan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, haydovchilarga belgilangan kunlarda muqobil yo‘nalishlardan foydalanishni tavsiya qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent ko‘chalaridan birida transport harakati cheklanishi haqida xabar bergan edi.