
«Chelsi» himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning vakillari bilan aloqaga chiqdi. Londonliklar uni mudofaa markazi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda jurnalist Aaron Ramiro xabar bermoqda.
Abduqodir Husanov joriy mavsumda «Manchester Siti» tarkibida barcha musobaqalarda jami 33 ta o‘yinda maydonga tushdi. U mart oyida klubning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi. Aprel oyida esa Niko Orayli hamda Bernardu Silva bilan birgalikda ushbu sovringa yana nomzodlar qatoriga kiritildi.

O‘zbekistonlik himoyachining muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga jamoaning asosiy himoyachilari Ruben Diash va Yoshko Gvardiolning jarohat olgani ham sabab bo‘ldi. Ayni paytda u mudofaa chizig‘ida muhim rol o‘ynamoqda.

Mavsum yakunida klub afsonasi hisoblangan angliyalik markaziy himoyachi Jon Stouns jamoani tark etishini e’lon qildi. Shu bilan birga, keyingi mavsumda Ispaniyaning «Jirona» klubida ijarada to‘p surayotgan markaziy himoyachi Vitor Reysning «Manchester Siti» tarkibiga qaytishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov da’vogarlik qilgan sovrinni Niko Orayli qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.