Ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi

Endi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, daryolar o‘zanini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash tartibini buzgan yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar miqdorining 3 baravari miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Suvlarni ifloslantirish yoki oqova suvlarni tashlash talablarini buzganlik uchun esa jarima miqdori kompensatsiya to‘lovining 10 baravarigacha yetkaziladi.
Shuningdek, daraxtlarni saqlash va muhofaza qilish choralarini ko‘rmagan yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar miqdorining 5 baravari miqdorida jarima belgilanadi.
Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab 3 oydan keyin kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boysun ariqlarida yana neft aralash suyuqlik oqayotgani ma’lum qilingandi. Hozirda vaziyat Surxondaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlari hamda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan voqea joyida o‘rganilmoqda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugun tong soat 06:30 atrofida yuzaga kelgan kuchli sel oqimi xandaqni buzib yuborgan, natijada neft aralash suyuqlik tashqariga oqib chiqqan.