O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 12,5 milliard dollarlik sheriklik dasturi imzolandi

eʼlon qilindi
Samarqandda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 2030-yilgacha mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasidagi muhim loyihalar kelishib olindi
Foto: president.uz

3-may kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) rahbari Masato Kanda o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv doirasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan, umumiy qiymati $12,5 mlrdga teng bo‘lgan yangi sheriklik dasturi imzolandi. OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi O‘zbekistonda o‘tkazilmoqda. O‘tgan 30 yil ichida OTB O‘zbekistonning yirik strategik sherigiga aylangan bo‘lib, hozirgi kunda amaldagi loyihalar portfeli qariyb $16 mlrdni tashkil etadi. Amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi.

Foto: president.uz

Yangi hamkorlik dasturi doirasida ipoteka bozori, xususiy sektor, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish kabi yo‘nalishlarda loyihalar amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, inklyuziv ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Foto: president.uz

Muzokaralar davomida Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuv avvalida Masato Kanda yillik yig‘ilishning O‘zbekistonda o‘tkazilishiga ko‘rsatilgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OTB 2025-yilda Markaziy Osiyo uchun qancha ajratgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek