Qoraqalpog‘istonda kadastr bo‘limi rahbari 2 ming dollar pora bilan ushlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlaridan biridagi kadastr bo‘limi boshlig‘i $2 ming miqdorida pora olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur mansabdor shaxs 1987-yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 132 kvadrat metr yer maydonidagi muammoni hal qilib berishni va’da qilgan. Bu yerda qurilgan bino fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning 2024-yildagi hal qiluv qaroriga asosan majburan buzilishi belgilangan edi.
Bo‘lim boshlig‘i ushbu noqonuniy binoga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish va uning kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan pul talab qilgani aniqlangan.
Hozirgi vaqtda ushlangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Rasmiy xabarda fuqarolar shu kabi holatlarga duch kelganda idoraning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Namanganda qalbaki dollar savdosiga chek qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.