Ugom daryosi irmoqlarida yangi inshootlar qurilishi to‘liq taqiqlanadi

eʼlon qilindi
Daryo davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi
Ugom daryosi irmoqlarida yangi inshootlar qurilishi to‘liq taqiqlanadi / Foto: Wikimedia Commons

O‘zbekistonda Ugom daryosining tabiiy holatini saqlash va ekologik muvozanatini yaxshilashga qaratilgan yangi prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

«Ugom daryosining tabiiy gidrologik rejimi va biologik xilma-xilligini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga ko‘ra, daryo davlat gidrologik tabiat yodgorligi deb e’lon qilinadi.

2026-yil 1-iyundan boshlab daryo sohili va suvni muhofaza qilish zonalarida tabiiy tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday qurilish, yer ishlari hamda sun’iy inshootlar barpo etish qat’iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, daryo havzasi va uning irmoqlarida gidrotexnik, gidromeliorativ, gidroenergetika va suvni tartibga solish ishlari hamda yangi inshootlar qurilishi to‘liq cheklanadi. Faoliyat yuritayotgan gidroenergetika obyektlarini rekonstruksiya qilish bundan mustasno.

Qarorga muvofiq, daryoning davlat tabiat yodgorligi hududida qurilish ishlari uchun yer ajratishga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Shu bilan birga, sohilda joylashgan obyektlarning ekologik talablarga muvofiqligini o‘rganish uchun hukumat komissiyasi tarkibi tasdiqlandi va uning asosiy vazifalari belgilandi.

Ma’lumot uchun, Ugom Toshkent viloyatidagi daryo bo‘lib, u Chirchiq daryosining o‘ng irmog‘i hisoblanadi. Daryo Talas Olatovi, Qorjontov va Ugom tog‘ tizmalari bilan o‘ralgan hududda bir nechta buloq suvlari qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Ugom Chorvoq suv omborining quyi qismidan o‘tgach Chirchiq daryosiga quyiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan «Ugom-Chotqol» qo‘riqxonasi hududida yangi turistik majmua barpo etilayotgani haqida yozgan edik.

Shuningdek