Yulduz Usmonova konsertiga taqiq, «Chelsi»dan Abduqodir Husanovga chaqiriq, samolyot bortida tug‘ilgan chaqaloq — 4-may kungi muhim yangiliklar dayjesti


2026-yilda O‘zbekistondan 15 mingdan ortiq ziyoratchi Hajga boradi
O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj ziyorati mavsumi doirasida 9 ta hududiy aeroport orqali 15 mingdan ortiq ziyoratchini Madina shahriga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airport ma’lum qildi.
Joriy yil 2-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:10 da Toshkent xalqaro aeroportidan Madina shahriga ilk ziyoratchilar guruhi jo‘nab ketdi va shu bilan mavsumning tantanali ochilishi amalga oshirildi.

AQShdagi yahudiylar Yulduz Usmonovaning Nyu-Yorkda konsert berishiga qarshi chiqmoqda
Nyu-York shahrida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning rejalashtirilgan konserti AQSh yahudiylarining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Kursiv Uzbekistan holatga aniqlik kiritish maqsadida xonandaning ma’muri bilan bog‘landi.
Unga ko‘ra, konsertga chiptalar sotilgan, tayyorgarlik jarayonlari ham joyida. Xonandaning vizasi esa hali chiqmagan. Ma’mur yaqin kunlarda uning ham javobi chiqishini bildirdi.

Elektromobillarni quvvatlashda subsidiya tizimi joriy etiladi
Energetika vazirligi elektromobillarni quvvatlash infratuzilmasini takomillashtirish va sohani raqamlashtirishga qaratilgan yangi loyihani jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi.
Hujjatda elektr transporti uchun qulay sharoit yaratish, investitsiyalarni jalb etish hamda xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan bir qator muhim chora-tadbirlar belgilangan.

«Chelsi» klubi Abduqodir Husanov vakillari bilan aloqaga chiqdi
«Chelsi» himoya chizig‘ini kuchaytirish maqsadida o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning vakillari bilan aloqaga chiqdi. Londonliklar uni mudofaa markazi uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda jurnalist Aaron Ramiro xabar bermoqda.

Tadbirkorlar uchun tashqi reklama pasportini olish tartibi belgilandi
Tadbirkorlik subyektlari tashqi reklama joylashtirish uchun maxsus pasport olishlari shart qilib belgilandi. Xizmat my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladi hamda arizalarni ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 90 foizi miqdorida to‘lov undiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.

9-may munosabati bilan o‘zbekistonliklar necha kun dam oladi
O‘zbekistonda 9-may – Xotira va qadrlash kuni yaqinlashmoqda. Amaldagi Mehnat kodeksiga asosan, bu yilgi bayram shanba kuniga to‘g‘ri kelgani uchun haftasiga 5 kun ishlovchi xodimlar ketma-ket uch kun dam oladi.

Kruiz kemasida hantavirus tarqalishi oqibatida uch kishi vafot etdi
Atlantika okeanida suzib yurgan MV Hondius kruiz kemasida kamyob hantavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida keksa er-xotin ham bor bo‘lib, yana kamida uch kishi kasallangani aytilmoqda. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

ITA Airways samolyotida ilk bor parvoz vaqtida chaqaloq tug‘ildi
Lufthansa Group xoldingiga kiruvchi ITA Airways aviakompaniyasining Senegal poytaxti Dakardan Rimga uchayotgan samolyotida ilk bor chaqaloq dunyoga keldi. Havo kemasi parvozni boshlaganidan taxminan bir soat o‘tgach, yetti oylik homilador ayol ko‘z yorgan.