BAAda qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi o‘zbekistonliklar Toshkentga ekstraditsiya qilindi

eʼlon qilindi
Ulardan ikki nafari firibgarlik, yana biri esa odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinadi
Foto: Ichki ishlar vazirligi

Xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi Birlashgan Arab Amirliklarida qo‘lga olinib, Interpol orqali mamlakatga qaytarildi. Bu jarayon Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi hamkorligida amalga oshirildi, deya xabar berdi Ichki ishlar vazirligi.

Unga ko‘ra, ushbu shaxslar respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ilgari xalqaro qidiruvga berilgan bo‘lib, ulardan ikki nafari firibgarlik, yana biri esa odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarda gumon qilinadi.

Tergovdan qochgan shaxslar BAA hududida yashiringan. Interpolning Abu-Dabidagi bo‘linmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ularning joylashuvi aniqlanib, qo‘lga olingan.

Keyingi bosqichda maxsus huquqiy tartiblar asosida ularni O‘zbekistonga topshirish jarayoni tashkil etildi. Ekstraditsiya Interpolning Toshkent va Abu Dabi markazlari o‘rtasidagi kelishuvlar doirasida amalga oshirildi.

Hozirda gumondorlar Toshkent xalqaro aeroporti orqali olib kelinib, tergov harakatlari uchun tegishli organlarga topshirilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri firibgarlikda ayblangan shaxs Gruziyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida yozgandi.

Shuningdek