
O‘zbekiston milliy terma jamoasining 6 – 26-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxati tasdiqlandi. Yig‘in doirasida Milliy futbol markazida Superliga klublariga qarshi yopiq nazorat o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro mazkur yig‘in uchun 4 nafar darvozabon, 14 nafar himoyachi, 12 nafar yarimhimoyachi va 10 nafar hujumchini chaqirgan. Italiyalik mutaxassis Nodirbek Abdurazzoqov, Sardor Bahromov, Muhammadrasul Abdumajidov hamda Diyor Ortiqboyev kabi yosh futbolchilarni ham tarkibga kiritgan.

Tarkibga jalb qilinganlardan Abdulla Abdullayev, Behruz Karimov, Jaloliddin Masharipov va Husayn Norchayevda kichik jarohat borligi qayd etilgan.
Shuningdek, qator o‘yinchilar yig‘inga kechroq kelib qo‘shiladi. Xususan, Abduqodir Husanov, Otabek Shukurov, Aziz G‘aniyev, Abbos Fayzullayev, Sherzod Temirov va Eldor Shomurodovning jamoa ixtiyoriga biroz vaqt o‘tib yetib kelishi nazarda tutilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan JCh doirasida O‘zbekiston – Kolumbiya o‘yini chiptalari «ikkinchi qo‘lda» 16 ming dollargacha sotilayotgani haqida xabar bergan edi.