O‘zbekistonlik shifokor va quruvchilar Saudiya Arabistoniga ishga jalb etiladi

eʼlon qilindi
Malaka darajasiga qarab beriladigan mehnat vizalari — boshlang‘ich, o‘rta va yuqori toifalarga ajratilishi haqida ma’lumot berildi
Foto: Migratsiya agentligi

Saudiya Arabistoni o‘zbekistonlik mutaxassislarni, xususan tibbiyot va qurilish sohalarida faol jalb etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Agentlik direktori Behzod Musayev delegatsiya bilan Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Safarda Tashqi ishlar vazirligi hamda O‘zbekistonning Ar-Riyod shahridagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi. Uchrashuvlarda o‘zbekistonliklarni tizimli va qonuniy tarzda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.

Saudiya Arabistoni Inson resurslari va ijtimoiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Ahmad Al-Sharqiy bilan o‘tkazilgan muzokaralarda mehnat bozorining yangi strategiyasi hamda xorijiy ishchi kuchini jalb etish mexanizmlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, malaka darajasiga qarab beriladigan mehnat vizalari — boshlang‘ich, o‘rta va yuqori toifalarga ajratilishi haqida ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida Migratsiya agentligi va Saudiya Arabistoni Mehnat vazirligi o‘rtasida qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi. Rejalarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar tibbiyot, turizm, qurilish va muhandislik sohalarida ishga jalb etiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha xalqaro standartlar asosida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Nomzodlar Saudiya kompaniyalarida ishlash uchun majburiy bo‘lgan malaka imtihonlarini topshiradi.

Shu bilan birga, delegatsiya Saudiya Arabistonidagi KDOT rekruyting tashkiloti hamda yirik ish beruvchilar vakillari bilan uchrashib, talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha maqsadli ta’lim va kasbiy tayyorgarlik dasturlarini joriy etish masalalarini ham muhokama qildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Latviya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilayotgani haqida yozgandi.

Shuningdek