Samarqanddagi yonilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi — video
eʼlon qilindi
Hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q

5-may kuni soat 11:13 da Samarqand shahrining Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida joylashgan avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in yuz berdi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.
Tezkor choralar ko‘rilib, 5 ta qutqaruv bo‘linmasi soat 11:18 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in 11:30 da qurshab olingan va 11:50 da to‘liq bartaraf etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q. Ayni paytda yong‘inning kelib chiqish sabablari hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdori oshirilishi haqida yozgandi.