Surxondaryoda 7,7 gektar yerni 800 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan fermer ushlandi

Surxondaryo viloyatining Angor tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi rahbari 7,7 gektar yerni 800 mln so‘m evaziga boshqa shaxsga rasmiylashtirib bermoqchi bo‘ldi. U kelishilgan mablag‘ning qolgan qismini olayotgan vaqtda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olingan.
Fermer xo‘jaligi rahbari mazkur yer maydonini 1972-yilda tug‘ilgan fuqaro nomiga o‘tkazib berishni va’da qilgan. Buning evaziga talab etilgan 800 mln so‘mning 520 mln so‘mini u avvalroq olgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi. Tadbir davomida fermer qolgan 280 mln so‘mni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolardan qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqamiga xabar berishni so‘ragan va shaxsning sir saqlanishi kafolatlanishini ma’lum qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qoraqalpog‘istonda kadastr bo‘limi rahbari 2 ming dollar pora bilan ushlangani haqida xabar bergan edi.