2026-yil I chorak natijalari: TBC Uzbekistan operatsion daromadi 700 milliard so‘mga yetdi

Joriy yilning ilk uch oyida TBC Uzbekistan operatsion daromadi 700 mlrd so‘mga, sof foydasi esa 93 mlrd so‘mga yetdi. Bu haqda ekotizimning 2026-yil I chorak yakunlari bo‘yicha moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi (hisobot Kursiv Uzbekistan’da mavjud).
Hisobotga ko‘ra, TBC Bank, payme, TBC BNPL, TBC Sug‘urta va BILLZni birlashtirgan ekotizim mijozlar bazasi va moliyaviy ko‘rsatkichlar bo‘yicha sezilarli o‘sishga erishgan. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar soni 24,2 mlnga yetib, o‘tgan yildagiga nisbatan 23 foizga oshgan. To‘lovlar hajmi esa 31,8 trln so‘mni tashkil etgan, o‘sish – 31,1 foiz. Depozit portfeli 7,1 trln so‘mga, kredit portfeli esa 10,4 trln so‘mga yetgan.

Chakana yo‘nalishda TBC Salom kartasi tez sur’atlarda ommalashib, 2026-yil 1-choragida chiqarilgan kartalar soni 1 mlndan oshgan. TBC Osmon kredit kartasiga ham talab yuqori bo‘lib, uning soni 183 mingtaga yetgan. Obuna asosidagi xizmatlardan foydalanuvchilar soni bir yil ichida 7 barobar o‘sib, 1,1 mlnga yetgani qayd etildi. TBC BNPL xizmatida esa 190 ming faol foydalanuvchi mavjud.
Biznes yo‘nalishida ham ijobiy natijalar kuzatilgan bo‘lib, 67 ming biznes-mijoz ro‘yxatdan o‘tgan, ulardan 21 mingi faol hisoblanadi. Kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar 185 mingdan oshib, umumiy kredit portfelining 18 foizini tashkil etgan. Shu bilan birga BILLZ platformasi orqali 11 mlndan ortiq tranzaksiya amalga oshirilgan.

Texnologik yo‘nalishda esa sun’iy intellekt asosidagi Lola yordamchisi keng joriy etila boshlangan. SI yordamchi Global Finance tomonidan mintaqadagi eng yaxshi fintex-innovatsiya sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, bank ilovalarida QR-to‘lovlar va payme integratsiyasi orqali ekotizim ichidagi xizmatlar yanada kengaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yilda TBC Uzbekistan Toshkent metropoliteni Chilonzor yo‘nalishidagi barcha 12 ta bekatning navigatsiya tizimini to‘liq yangilagan edi.