«Arsenal» YChL finalida. Londonliklar «Atletiko»ni minimal hisobda mag‘lub etdi

6-may 2026 08:23 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Foto: UEFA

Londonda bo‘lib o‘tgan UEFA Chempionlar ligasi yarim finalining javob uchrashuvida «Arsenal» Madridning «Atletiko» klubini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Ispaniyadagi dastlabki bahsda 1:1 hisobi qayd etilgan bo‘lib, umumiy natijaga ko‘ra London klubi finalga yo‘l oldi.

Viktor Gyokerish / Foto: UEFA

Uchrashuv taqdirini yagona gol hal qildi. Birinchi bo‘lim so‘nggida «Arsenal» hujumchisi Viktor Gyokerish darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqib borib, to‘pni Leandro Trossardga oshirdi. Trossardning zarbasidan so‘ng darvozabondan qaytgan to‘pni Bukayo Saka golga aylantirdi. Diego Simeone shogirdlarining hisobni tenglashtirishga qaratilgan urinishlari London klubining ishonchli himoyasi sababli besamar yakunlandi.

«Arsenal» joriy mavsumda Chempionlar ligasi doirasida o‘tkazilgan 12 ta uchrashuvning 9 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Mikel Arteta jamoasi musobaqa davomida jami 6 ta gol o‘tkazib yuborgan. Jamoa darvozasini «Bavariya», «Inter», «Bayer» va «Atletiko» bir martadan, Qozog‘istonning «Qayrat» klubi esa ikki marta ishg‘ol qilishga muvaffaq bo‘lgan.

Foto: UEFA

Chorak finalda «Barselona»ni turnirdan chiqarib yuborgan «Atletiko» musobaqani tark etdi. Madridliklar tarixidagi eng yaxshi to‘purar Antuan Grizmann jamoa bilan La Liga hamda Chempionlar ligasi sovrinini qo‘lga kiritmagan holda, 2026-yilning iyul oyida AQShning «Orlando Siti» klubiga o‘tishi kutilmoqda.

Antuan Grizmann / Foto:UEFA

Turnirning ikkinchi finalchisi bugun Myunxenda bo‘lib o‘tadigan «Bavariya» va PSJ bahsida ma’lum bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan PSJ o‘z maydonida «Bavariya»ni 5:4 hisobida mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek