
AQSh qamog‘ida saqlanayotgan Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro o‘g‘li bilan ilk bor telefon orqali muloqot qildi. Suhbat davomida sobiq davlat rahbari Kataloniyaning «Barselona» klubi Chempionlar ligasidan chiqib ketganidan qattiq g‘azablangan. Bu haqda El Pais nashri xabar bermoqda.
Muloqot davomida Maduro avvalo oilasi, Milliy Assambleya va mamlakatdagi oziq-ovqat holati haqida so‘ragan. Shundan so‘ng u o‘g‘lidan qiziqish bilan «Barselona»ning Chempionlar ligasidagi natijalari haqida so‘ragan. O‘g‘li esa klub musobaqaning chorak finalida «Atletiko»ga yutqazgani haqida aytgan.

«Jin ursin, bu qanday sharmandalik», – deya munosabat bildirgan sobiq prezident o‘z g‘azabini yashirmay.
Ma’lumot o‘rnida, «Barselona» 2025/26-yilgi mavsum turnirini chorak final bosqichida yakunlashga majbur bo‘ldi. Jamoa Madridning «Atletiko» klubiga qarshi dastlabki o‘yinda 0:2 hisobida yutqazib, javob uchrashuvida 2:1 hisobida ustun kelgan. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, umumiy 3:2 hisobida mag‘lub bo‘lgan kataloniyaliklar musobaqani tark etishgan.

Nikolas Maduro joriy yilning 3-yanvar kuni AQSh maxsus kuchlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya natijasida qo‘lga olingan edi. U AQSh qonunchiligi oldida javob berishi uchun Amerikaga olib kelingan. Mazkur telefon suhbati siyosatchining hibsga olinganidan keyin tashqi dunyo bilan o‘rnatgan birinchi aloqasi hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Arsenal» YChL yarim finalida «Atletiko»ni minimal hisobda mag‘lub etib, finalga chiqqani haqida xabar bergan edi.