O‘zbekistonda 1 kg palov tayyorlash uchun qancha xarajat ketadi

2026-yilning aprel oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekiston hududlari bo‘ylab 1 kg palov tayyorlash uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rtacha qiymati hisoblab chiqildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Qo‘mita hisobotiga ko‘ra, palov tayyorlash uchun eng yuqori xarajat Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, u 122,5 ming so‘mni tashkil qiladi. Undan keyingi o‘rinlarni Farg‘ona (120,2 ming so‘m) va Samarqand (118 ming so‘m) viloyatlari egallagan. Eng arzon ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida 102,2 ming so‘m etib belgilangan.

Boshqa hududlardagi ko‘rsatkichlar o‘rtacha 109 ming so‘mdan 117 ming so‘mgacha bo‘lgan oraliqda o‘zgarib turadi. Xususan, xarajatlar Sirdaryo viloyatida 109 092 so‘m, Andijonda 111,2 ming so‘m, Xorazmda 112 ming so‘m, Buxoroda 113,4 ming so‘m, Namanganda 113,5 ming so‘m, Jizzaxda 113,6 ming so‘m, Navoiyda 115,3 ming so‘m, Surxondaryoda 115,9 ming so‘m, Qashqadaryoda 116,2 ming so‘m hamda Toshkent viloyatida 117,4 ming so‘mni tashkil etgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 kg palovni tayyorlash uchun standart retsept bo‘yicha 1 kg guruch, 1 kg sabzi, 700 gramm mol go‘shti, 300 gramm piyoz, 0,3 litr kungaboqar yog‘i, shuningdek, 100 gramm no‘xat, 10 gramm zira va 20 gramm tuz sarflanishi inobatga olingan.
Rasmiy xabarda mazkur raqamlar tayyor palovning sotuvdagi narxini emas, balki faqatgina xomashyo mahsulotlarining bozor qiymatini ifodalashi alohida ta’kidlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent to‘y oshi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatga olingani haqida xabar bergan edi.