O‘zbekistonda gaz qazib olish 15 foizga kamaydi

2026-yilning yanvar–mart oylarida O‘zbekistonda 9,6 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib chiqarildi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 15 foiz kamdir.
Gaz eksporti ham sezilarli qisqargan. Birinchi chorak yakunida eksport hajmi $36,7 mlnni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilga qaraganda 61 foizga past ko‘rsatkich. Shu bilan birga, gaz importi keskin oshib, $360,5 mlnga yetdi. Natijada import hajmi 2,2 barobar ko‘paygan.
Hisobot davrida neft qazib olish ham pasaydi. Ko‘rsatkich 160,8 ming tonnadan 157,3 ming tonnagacha tushib, 1,8 foiz kamaygan. Gaz kondensati ishlab chiqarish esa 296,6 ming tonnadan 242,3 ming tonnagacha qisqarib, 18,3 foizga kamaydi.
Ayni paytda ayrim yo‘nalishlarda o‘sish qayd etildi. Dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 54,3 foizga oshib, 280,9 ming tonnaga yetgan. Benzin ishlab chiqarish hajmi ham 2,9 foizga ko‘payib, 313,2 ming tonnani tashkil qilgan.
Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham ijobiy o‘sishni ko‘rsatdi. 2026-yilning birinchi choragida mamlakatda 22,9 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 foizga ko‘p.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyevga neft-gaz tarmog‘ida qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish va yangi zaxiralarni o‘zlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan hisobot taqdim etilgandi. Unda gaz qazib olish koeffitsiyentini oshirish, qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarga yangi yondashuvlarni tatbiq etish hamda 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan dasturlarning iqtisodiy samaradorligini baholash masalalari muhokama qilindi.