Qozog‘iston 2027-yilgacha Rossiyadan elektr energiyasi importini to‘xtatadi

eʼlon qilindi
Mamlakatda yangi energiya obyektlarining ishga tushirilishi evaziga elektr energiyasi taqchilligi to‘liq bartaraf etilishi kutilmoqda
Foto: Eurasia today

Qozog‘iston 2027-yilga borib Rossiyadan elektr energiyasi import qilishni butunlay to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bunga mamlakat ichida keng ko‘lamli yangi energiya quvvatlarining ishga tushirilishi asos qilib olinmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda energiya defitsiti bosqichma-bosqich qisqarib bormoqda. Xususan, 2024-yilda Rossiyadan 2,1 mlrd kV energiya xarid qilingan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich taxminan 1,5 mlrd kVtni tashkil etgan. 2026-yilga kelib esa import hajmini 1–1,2 mlrd kVtgacha kamaytirish ko‘zda tutilgan.

«Yangi energiya obyektlarining ishga tushirilishi bilan 2026-yil oxiriga kelib Rossiyadan elektr energiyasi xarid qilishni to‘xtatishimiz mumkin», — dedi Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Sungat Yesimxanov.

Sungat Yesimxanov / Foto: primeminister.kz

Vazirlik vakilining qo‘shimcha qilishicha, hozirda Rossiyadan xarid qilinayotgan elektr energiyasining ma’lum bir qismi mamlakatning janubiy hududlarini suv bilan ta’minlash maqsadida Qirg‘izistonga eksport qilinmoqda.

Ayni paytda Qozog‘istonda umumiy quvvati 15,3 GVt bo‘lgan 81 ta energetika loyihasi amalga oshirilmoqda. Mazkur jarayon doirasida avvalroq Rossiya ishtirokida qurilishi muhokama qilingan uchta issiqlik elektr markazi (IEM) endilikda Singapur kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida barpo etiladi.

Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov ham avvalroq mamlakat 2027-yilning birinchi choragi yakuniga qadar ichki energiya ehtiyojlarini to‘liq qoplash niyatida ekanini aytib o‘tgan edi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Energiya samaradorligi» umummilliy harakati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek