Avto

Xiaomi SU7 uchun buyurtmalar 80 mingdan oshdi

Savdo boshlanganidan 48 kun o‘tib
Test-drayv: yangi Xiaomi SU7 sotib olishga arziydimi
Foto: CarNewsChina

Xiaomi kompaniyasining yangi SU7 elektromobili bozorda tez ommalashmoqda. CarNewsChina’ga ko‘ra, savdo boshlanganidan 48 kun o‘tib, model uchun tasdiqlangan buyurtmalar soni 80 mingdan oshdi.

So‘nggi to‘rt kun ichida yana 10 mingdan ortiq buyurtmalar qabul qilingan. Odatda yangi avtomobillarda ilk qiziqishdan keyin talab pasayadi. Biroq SU7’da aksincha, xaridorlar soni oshishda davom etmoqda.

Avtomobilning bazaviy versiyasi 219,9 ming yuan ($32,2 ming) narxda taklif qilinmoqda. U 235 kVt quvvatli motor va 73 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Bir quvvatlanishda 720 km masofa bosib o‘tadi.

SU7 Pro versiyasi 96,3 kVt/soat batareya va 902 kmgacha yurish zaxirasiga ega. Eng kuchli Max versiyasi esa ikki motorli tizim bilan 508 kVt quvvat ishlab chiqaradi va 835 kmgacha yo‘l bosadi.

Barcha versiyalarda LiDAR, 4D radar va Nvidia Thor-U hisoblash platformasi mavjud. Yuqori komplektatsiyalarda adaptiv pnevmatik osma tizimi ham o‘rnatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi nega arzon elektromobillar ishlab chiqarmasligi haqida xabar berilgandi. Kompaniya rahbari Ley Junning aytishicha, narxi $14 mingdan past bo‘lgan modellardan voz kechiladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy va aqlli avtomobillarni ishlab chiqish xarajatlari yuqori bo‘lgani uchun arzon segmentga kirish qiyin. Ley Jun yangi avlod SU7 modelida 100 dan ortiq yangilanish borligini aytdi.