«Bosmachilik»da ayblangan 161 nafar qatag‘on qurboni oqlandi

O‘zbekiston Oliy sudida 6-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlislarida «bosmachilik» harakatiga aloqadorlikda ayblangan 161 nafar shaxs to‘liq oqlandi. Bu haqda Oliy sud rasmiy kanali xabar bermoqda.
Oqlangan shaxslar o‘z vaqtida sovet davridagi uchlik kengashi qarorlari bilan hukm qilingan. Ular asosan 1920-1934-yillarda qo‘rboshilik harakatlariga moddiy yordam berish, qurolli to‘da tuzish hamda sovet hokimiyatiga qarshi qo‘zg‘olon va aksilinqilobiy faoliyatni amalga oshirganlikda aybdor deb topilgan edi.

Maxsus ishchi guruh mazkur tarixiy 8 ta jinoyat ishini qonunchilik asosida o‘rganib chiqdi. Oliy sudning kassatsiya instansiyasida o‘tgan sud majlisiga Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Alisher Usmanov raislik qildi.
Ushbu jarayonda ko‘rib chiqilgan ishlar Turkfrontning Farg‘ona qo‘shinlar guruhi Harbiy kengashi qoshidagi Farg‘ona maxsus bo‘limi hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi qarorlariga taalluqlidir. Avvalroq tegishli organlar tomonidan aynan shu yillardagi milliy ozodlik harakati qatnashchilari oqlanishi mumkinligi ma’lum qilingan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Oliy sud tomonidan «bosmachilik» va antisovet faoliyatida ayblangan 198 nafar shaxs reabilitatsiya qilingani haqida xabar bergan edi.