Harbiy kursantlarga sun’iy intellekt va IT chuqur o‘qitiladi

eʼlon qilindi
Xorijiy tillar ham shu jumladandir
Muddatli harbiy xizmatchilar oliygohlarda masofaviy ta’lim olishlari mumkin bo‘ladi
Harbiy kursantlarga sun’iy intellekt va IT chuqur o‘qitiladi / Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekistonda harbiy kadrlar tayyorlash tizimida kursantlarga sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni chuqur o‘qitishga qaratilgan yangi model joriy etiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan harbiy kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

Unda zamonaviy qurolli mojarolarda uchuvchisiz uchadigan apparatlar, robotlashgan tizimlar, radioelektron kurash vositalari va yangi boshqaruv texnologiyalarining ahamiyati ortib borayotgani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan qo‘shinlarda dronlarni jangovar qo‘llash va ularga qarshi kurashuvchi yangi bo‘linmalar tashkil etilgan. Hozirda uchuvchisiz apparatlar operatorlari, muhandislar va robototexnika mutaxassislarini tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Harbiy ta’lim tizimini isloh qilish doirasida barcha oliy harbiy ta’lim muassasalariga institut maqomi berildi. Yagona vertikal boshqaruv tizimi yaratilib, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Yangi o‘quv dasturlari zamonaviy jangovar harakatlar va qo‘shinlardagi real ehtiyojlardan kelib chiqib ishlab chiqilmoqda. Bo‘lajak ofitserlarga nazariya bilan bir qatorda amaliy tayyorgarlik ham chuqur o‘rgatiladi. Bakalavr bosqichida kursantlarga xorijiy tillar, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt fanlari chuqur o‘qitilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, qo‘mondonlik-shtab ofitserlari uchun uch bosqichli yangi o‘qitish tizimi joriy etiladi. Serjantlar tarkibini tayyorlash ko‘lami kengaytirilib, oliy harbiy ta’lim muassasalarida ular uchun oltita fuqarolik mutaxassisligi bo‘yicha masofaviy bakalavriat tashkil qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq muddatli harbiy xizmat o‘tagan yoshlarga ta’lim krediti berilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek